samgasi.uz soati/Ахб... · web viewsamarqand davlat arxitektura-qurilish instituti 2019 yil 22...

31
O ZBEKISTON RESPUBLIKASI QURILISH VAZIRLIGI SAMARQAND DAVLAT ARXITEKTURA-QURILISH INSTITUTI 2019 yil 22 noyabr juma kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o‘tkaziladigan Axborot va murabbiylik soati materiallari Samarqand 2019 y

Upload: others

Post on 08-Feb-2021

14 views

Category:

Documents


0 download

TRANSCRIPT

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QURILISH VAZIRLIGI

SAMARQAND DAVLAT ARXITEKTURA-QURILISH INSTITUTI

2019 yil 22 noyabr juma kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o‘tkaziladigan Axborot va murabbiylik soati materiallari

Samarqand – 2019 y

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY,

IJTIMOIY-SIYOSIY VOQEALARGA DOIR

MA’LUMOTLAR

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDA XORIJIY INVESTORLAR KENGASHINI TUZISH VA UNING FAOLIYATINI TASHKIL ETISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

http://uza.uz/oz/documents/-zbekiston-respublikasi-prezidenti-uzurida-khorizhiy-investo-13-11-2019

2020 YILDA RASMIY SANALARNI NISHONLASH DAVRIDA QO‘SHIMCHA ISHLANMAYDIGAN KUNLARNI BELGILASH VA DAM OLISH KUNLARINI KO‘CHIRISH TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

http://uza.uz/oz/documents/2020-yilda-rasmiy-sanalarni-nishonlash-davrida-shimcha-ishla-14-11-2019

YOSH SAYLOVCHILAR YANADA FAOL BO‘LMOQDA

Har bir mamlakatda demokratik jarayonlar darajasi avvalo saylovlar qanchalik ochiq, oshkora, adolatli o‘tishi va albatta, fuqarolar faolligi bilan belgilanadi. Bu tamoyillar esa saylovchilarning huquqiy va siyosiy bilimi, madaniyatiga bog‘liq. Saylovda ilk bor ovoz beradigan yoshlar saylov qonunchiligidan xabardormi? Ular saylov nima ekani, o‘z ovozlari mamlakat taraqqiyotida qanday ahamiyatga egaligini qanchalik tushunib etmoqda?

Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tgan “Yosh saylovchi – 2019” forumida ana shu jihatlarga alohida e’tibor qaratildi. Yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida o‘tkazilgan tadbir O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Farg‘ona viloyati kengashi hamda viloyat saylov komissiyasi hamkorligida tashkil etildi.

22 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarda Farg‘ona viloyatidan 2 million 333 mingdan ortiq saylovchi ishtirok etishi kutilmoqda. Ularning 47 mingdan ziyodi ilk bor ovoz beradigan yoshlardir. Mamlakatimizda davom etayotgan saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi doirasida shahar va tumanlarda “Mening ovozim – Vatanim kelajagi”, “Saylov – mening Konstitutsiyaviy huquqim” mavzularida targ‘ibot tadbirlari va yoshlar bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.

Forumda fuqarolarning konstitutsiyaviy burchi, milliy saylov tizimi, Saylov kodeksining mazmun-mohiyati, saylovni oshkoralik va adolat tamoyillari asosida o‘tkazishga qaratilgan islohotlar to‘g‘risida so‘z yuritildi. Saylovda har bir fuqaro Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilgan huquqidan foydalanib, o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etishi Vatanimiz kelajagi uchun alohida ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

– Bu yil mamlakat parlamenti va xalq deputatlari mahalliy kengashlariga saylovlar ilk bor yangi Saylov kodeksi asosida o‘tadi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi Ahadjon Akbarov. – Saylovlarda birinchi marta beshta siyosiy partiya o‘z nomzodlarini ilgari suradi. Bo‘lajak saylovlarda ovoz berib, o‘z xohish-irodamizni erkin bildirish har birimizning fuqarolik burchimiz. YOshlarning mamlakat miqyosidagi siyosiy jarayonlarga mustaqil va ongli munosabatini shakllantirish, ilk marotaba saylovda qatnashadigan yoshlarning xabardorligini, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga nisbatan daxldorlik hissini oshirish, ularning ovozi jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishi uchun xizmat qilishini yoshlarga etkazishga harakat qilmoqdamiz. Bugungi forum ham ana shu maqsadda o‘tkazildi.

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SHAVKAT MIROMONOVICH MIRZIYOYEVNING “VALDAY” XALQARO MUNOZARA KLUBINING X OSIYO KONFERENSIYASI ISHTIROKCHILARI, TASHKILOTCHILARI VA MEHMONLARIGA QUTLOVI

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari va tashkilotchilari!

Aziz do‘stlar!

O‘zbekistonda ilk bor “Valday” xalqaro munozara klubining X Osiyo konferensiyasi ishtirokchilari – yetakchi siyosatchilar, olim va ekspertlarni qabul qilish biz uchun ulkan sharaf. Sizlarni sahovatli va mehmondo‘st zaminimizda samimiy qutlayman!

Mazkur konferensiya asrlar davomida Sharq va G‘arb madaniyatlari o‘zaro tutashgan va bir-birini boyitgan, yangi ilmiy g‘oya va bilimlar tug‘ilgan shahar – Samarqandda o‘tkazilayotganida chuqur ma’no mujassam. 

Dunyo tamadduni rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Samarqand hozirgi kunda ham mintaqaviy va global kun tartibiga oid dolzarb masalalar bo‘yicha ochiq va konstruktiv muloqot uchun o‘ziga xos maydon vazifasini o‘tagan holda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim rol o‘ynamoqda. 

So‘nggi ikki yilda bu erda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha xalqaro konferensiya, Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi va mintaqa uchun tarixiy ahamiyatga ega yuksak darajadagi qator boshqa tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bu, o‘z navbatida, hamkorlikning o‘ziga xos “Samarqand ruhi“ni shakllantirish haqida so‘z yuritish imkonini beradi. 

Bugungi uchrashuv ushbu ezgu an’anani davom ettirishi hamda ochiqlik va o‘zaro anglashuv ruhida o‘tishiga ishonchim komil. 

Haqli ravishda nufuzli va obro‘li ekspert-tahliliy platforma hisoblangan “Valday“ klubining har bir yig‘ilishi hamisha butun dunyo mutaxassislari va jamoatchiligi o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otadigan yorqin hodisa bo‘lib kelgan. 

O‘ylaymanki, Yevroosiyo mintaqasi, jumladan, Markaziy Osiyoda ro‘y berayotgan murakkab jarayonlarga bag‘ishlangan bugungi munozara ham sermahsul bo‘lib, istiqboldagi o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab beradi. 

Markaziy Osiyo Yevroosiyo makoni va, umuman olganda, geosiyosatda tobora muhim rol o‘ynamoqda. Qisqa vaqt ichida Markaziy Osiyo xalqlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli mintaqada mutlaqo yangi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik muhitini yaratishga erishildi. 

Siyosiy ishonch yuksak darajaga ko‘tarildi. Bu esa bugungi kunda mintaqadagi hayotiy muhim muammolarni samarali hal etish imkonini bermoqda. Davlat chegaralari, suvdan foydalanish, transport va savdo masalalari bo‘yicha oqilona murosaga erishildi. 

O‘zbekiston Respublikasi ko‘p tomonlama mintaqaviy hamkorlikni yanada kengaytirish tarafdori. Asosiy maqsadimiz Markaziy Osiyoni barqaror va iqtisodiy rivojlangan mintaqa, tinchlik va hamkorlik makoniga aylantirishdan iborat. 

Shubhasiz, bularning barchasi global xavfsizlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, butun Yevroosiyo mintaqasini rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, mintaqa mamlakatlarining dunyodagi etakchi hamkorlar, birinchi navbatda, Rossiya bilan o‘zaro manfaatli va teng huquqli munosabatlarini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochib beradi. 

Rossiya Federatsiyasi O‘zbekistonning ishonchli strategik hamkori va ittifoqdoshi. Azaliy do‘stlik rishtalariga asoslangan munosabatlarimiz izchil rivojlanib, yangi amaliy mazmun bilan boyimoqda. 

O‘zbekiston savdo, sanoat kooperatsiyasi, investitsiya, innovatsiyalar, energetika, qishloq xo‘jaligi sohasidagi, yirik transmintaqaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston - Rossiya hamkorligining mavjud salohiyatini to‘liq ishga solishdan manfaatdor. Madaniyat va ta’lim sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

“Valday“ klubining O‘zbekistondagi bugungi uchrashuvi mamlakatlarimizning ishonchli muloqot va amaliy hamkorlikni mustahkamlash hamda barcha darajalarda rivojlantirishga bo‘lgan o‘zaro intilishining yorqin dalilidir.

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!

Samarqandda o‘tayotgan “Valday” xalqaro munozara klubining X Osiyo konferensiyasi mamlakatlarimiz ekspert-tahlil hamjamiyatlari o‘rtasida yangi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish va mavjudlarini mustahkamlashga xizmat qilishi, shubhasiz. Umid qilamanki, bunday uchrashuvlar muntazamlik kasb etadi. 

Konferensiya ish faoliyati samarali bo‘lishini, SHarq gavhari - ko‘hna va navqiron Samarqand bilan tanishish sizlarda yorqin va unutilmas taassurot qoldirishini tilab qolaman.

ROSSIYA FEDERATSIYASI PREZIDENTI VLADIMIR VLADIMIROVICH PUTINNING «VALDAY» XALQARO MUNOZARA KLUBI X OSIYO KONFERENSIYASI ISHTIROKCHILARI, TASHKILOTCHILARI VA MEHMONLARIGA QUTLOVI

Aziz do‘stlar!

Sizni «Valday» xalqaro munozara klubi X Osiyo konferensiyasi ochilishi munosabati bilan qutlayman.

O‘zbekistonning qadimiy va go‘zal shaharlaridan biri bo‘lmish Samarqandda o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli anjuman "Valday" klubida SHarq yili dasturiga yakun yasaydi.

Xalqaro ekspertlar jamiyati tomonidan Osiyoga qaratilayotgan e’tibor haqiqatdan ham asoslidir — eng yirik va dunyoda aholisi zich joylashgan ushbu mintaqaning jahon siyosati va iqtisodiyotidagi roli tobora kuchayib bormoqda. Bu erda transport, kommunikatsiya va energetika infratuzilmasi, yuqori texnologiyalar va fundamental fan jadal rivojlanmoqda.

Konferensiya dolzarb mavzuga – global tahdidlar va xavflar sharoitida Markaziy Osiyoda va butun Yevroosiyo mintaqasida ko‘p tomonlama hamkorlik qilish imkoniyatlariga bag‘ishlangan. Sizning oldingizda mavjud mintaqaviy birlashmalar faoliyatining turli jihatlarini ko‘rib chiqish, integratsiya jarayonlarining joriy holati va istiqbollarini, shuningdek, ko‘p sohalarda davlatlararo kooperatsiya salohiyatini baholash vazifalari turibdi.

Rossiya mintaqaning barcha davlatlari bilan o‘zaro amaliy, teng huquqli asosda hamkorlik qilishga tayyor. Biz Yevroosiyo mintaqasidagi tinchlik va farovonlik global ko‘lamdagi xavfsizlik va barqarorlikning muhim sharti ekani to‘g‘risidagi fikrga tayanamiz.

Biz uchun do‘st bo‘lgan O‘zbekiston rahbariyatiga, konferensiyaga tayyorgarlik ko‘rishda ishtirok etganlarga minnatdorlik bildirgan holda, uning ishtirokchilariga qiziqarli va samarali muzokaralarni tilab qolaman.

2020 YILDA DAVLAT BYUDJETI XARAJATLARI ASOSAN IJTIMOIY SOHAGA YO‘NALTIRILADI

Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi, sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi hamda Agrar va suv ho‘jaligi masalalari qo‘mitalari tomonidan navbatdagi yig‘ilish o‘tkazildi.

Deputatlar, mutasaddi vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari ishtirok etgan yig‘ilishda “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi ko‘rib chiqildi.

Parlament quyi palatasiga kiritilgan 2020 yilga mo‘ljallangan Byudjetnomani tasdiqlashda yangi amaliyot hayotga tatbiq etilmoqda va Oliy Majlis tomonidan birinchi marta Davlat byudjeti qonun shaklida qabul qilinmoqda.

Ya’ni “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasini xalqaro standartlarga muvofiq tayyorlash va byudjet ma’lumotlarining ochiqligini, shaffofligini yanada oshirish, byudjet mablag‘larining shakllanishi, sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish tartiblari belgilanmoqda.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, 2020 yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi keyingi yillarda uning ijobiy dinamikasini saqlab qolgan holda, 5,5 foiz (2021 yilda 5,8 foiz, 2022 yilda 6,2 foiz) miqdorda bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Xususan, sanoat ishlab chiqarishi hajmi 6,5 foiz, qurilishda 9,3 foiz, qishloq xo‘jaligida 4 foiz va xizmatlar sohasida 5,6 foiz ko‘payadi, asosiy kapitalga investitsiyalar 10 foiz, tovarlar va xizmatlar eksporti hamda import 8 foiz o‘sadi.

2020 yilga mo‘ljallangan Byudjet siyosati puxta o‘ylangan fiskal siyosatni amalga oshirishga, iqtisodiy ko‘rsatkichlarning mutanosib o‘sishiga va mamlakat moliyaviy tizimining barqarorligini ta’minlashga qaratilgan.

“2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi bilan byudjet mablag‘larini rejalashtirish samaradorligini, ulardan foydalanish natijadorligini oshirishga hamda byudjetlararo munosabatlarni takomillashtirishga yo‘naltirilgan bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.

Byudjetni rejalashtirishning barqarorligini oshirish maqsadida prognoz yili uchun Davlat byudjeti va keyingi ikki yilga mo‘ljallangan byudjet yo‘nalishlarini tasdiqlash yo‘li bilan o‘rta muddatga mo‘ljallangan byudjetni rejalashtirish taklif qilinmoqda.

2020 yilda mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 653,5 trillion so‘mni, Davlat byudjeti daromadlarining tushumi 128,5 trillion so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 19,6 foiz darajasida bo‘lishi prognoz qilinib, bu alohida sohalar rivojiga maqsadli xarajatlarni oshirish yo‘li bilan iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishni ta’minlaydi.

2020 yilda Davlat byudjetining xarajatlari 131,1 trillion so‘mni tashkil etadi. Bu o‘tgan yildagiga nisbatan 24 foizga ko‘p bo‘lib, bunda Davlat byudjetining xarajatlari asosan ijtimoiy sohalarga yo‘naltiriladi. Jumladan, ijtimoiy soha xarajatlari 66 trillion so‘mni yoki umumiy xarajatlarga nisbatan 50,3 foizni tashkil etadi. Bunda ushbu xarajatlarning o‘sishi avvalgi yilga nisbatan 24 foiz ko‘payadi.

Maktabgacha ta’lim muassasalarini moliyalashtirishga 5,2 trillion so‘m, umumiy ta’limga 20,9 trillion so‘m yo‘naltiriladi, kadrlar tayyorlashga ajratiladigan mablag‘lar 3,9 trillion so‘mni tashkil etadi.

Sog‘liqni saqlashga 14,8 trillion so‘m, madaniyat va sportni moliyalashtirish uchun 2,3 trillion so‘m, ilm-fanga 1 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Ijtimoiy nafaqalar, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam to‘lash va kompensatsiya to‘lovlari uchun xarajatlar o‘tgan yildagiga nisbatan 27 foiz oshgan holda 6,6 trillion so‘mni tashkil etadi.

Umuman olganda, 2020 yilgi Byudjetnomada nazarda tutilgan daromadlarning izchil o‘sishi, soliq siyosatida joriy etilayotgan tub o‘zgarishlar aholining turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgani bilan ahamiyatli ekani ta’kidlandi.

Yig‘ilishda “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni loyihasining asosiy yo‘nalishlari deputatlar tomonidan har tomonlama muhokama etildi.

Byudjet mablag‘laridan samarali foydalanishda ta’sirchan jamoatchilik va parlament nazoratini amalga oshirish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Mahalliy byudjetlarning daromad manbai mustahkamlanishi va ularning mustaqilligi izchil oshirib borilishini hisobga olgan holda, mahalliy vakillik organlari vakolat hamda im

koniyatlaridan oqilona foydalanishi, byudjetga tushumlar to‘liq bo‘lishini ta’minlash ishiga faol qo‘shilishi talab etiladi. Bu borada parlament xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari korpusiga har tomonlama yordam ko‘rsatishi ham ta’kidlab o‘tildi.

O‘ZBEKISTON PREZIDENTI OSIYO TARAQQIYOT BANKI DELEGATSIYASINI QABUL QILDI

Bugun, 13 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturining vazirlar darajasidagi konferensiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Takexiko Nakao boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda davlatimiz rahbari eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni ilgari surishda O‘zbekistonning yetakchi va ishonchli sherigi bo‘lmish ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut bilan o‘zaro manfaatli munosabatlar rivojlanish dinamikasini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Mamlakatimizda Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi loyihalarni ishlab chiqish sifati va amalga oshirish sur’ati sezilarli darajada ortgani alohida ta’kidlandi.

Bugungi kunda ikki tomonlama hamkorlik yurtimiz iqtisodiyotining barcha ustuvor tarmoqlarini qamrab olgan holda amalga oshirilgan va davom etayotgan, umumiy qiymati qariyb 8 milliard dollarlik 60 dan ziyod loyihani o‘z ichiga oladi. Bankning 2019-2023 yillarda O‘zbekiston bilan sheriklikni kengaytirish bo‘yicha moliyalashtirish hajmi 5 milliard dollardan oshadigan yangi strategiyasi qabul qilindi.

Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikning istiqbollari har tomonlama ko‘rib chiqildi. Mamlakatimizda irrigatsiya-drenaj va avtomobil yo‘llari infratuzilmasini modernizatsiya qilish, jumladan, boshqaruv tizimini takomillashtirish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish, kadrlar tayyorlash va boshqa masalalarga doir uzoq muddatli strategik va dasturiy hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga e’tibor qaratildi.

Mintaqaviy miqyosdagi, avvalo, transport yo‘laklarini rivojlantirish, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, ekologik muammolarni hal etish bo‘yicha loyihalarni ilgari surish ustuvor ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Osiyo taraqqiyot banki rahbari O‘zbekiston bilan hamkorlikning bugungi darajasi va samaradorligini yuksak baholadi, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi.

Takexiko Nakao yurtimizning barqaror taraqqiyoti va ravnaqi yo‘lidagi maqsad va vazifalarga erishishda bank bundan buyon ham asosiy sherik bo‘lib qolish istagidaligini bildirdi.

QISHLOQ XO‘JALIGI TARMOQLARINI YANADA RIVOJLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI BELGILANDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 noyabr kuni chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va ipakchilik tarmoqlarini yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbarining joriy yil 23 oktyabrdagi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi qabul qilingan edi. Ushbu hujjat doirasida zamonaviy yondashuv asosida soha modernizatsiyasi boshlandi. Shuningdek, 7 noyabr kuni Prezidentning “Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorvachilik tarmoqlarini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

– Hududlarimiz salohiyatidan to‘g‘ri foydalanib, qaerga nima ekish, qaysi chorva turini etishtirish, qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish orqali bozorlarimizda go‘sht, sut va tuxum mahsulotlarini ko‘paytirish, narxlar barqarorligini ta’minlash va daromadni oshirish bo‘yicha, afsuski, samarali tizim mavjud, deb ayta olmaymiz, – dedi yig‘ilish avvalida Shavkat Mirziyoyev.

Mamlakatimizda chorva ozuqasiga bo‘lgan talab 120 million tonnani tashkil etadi, ammo o‘tgan yilda atigi 47 million tonna ozuqa ishlab chiqarilib, ehtiyoj 40 foizga qondirilgan.

Butun dunyoda chorvani oziqlantirishda asosan silos va omuxta em ishlatiladi. Yangiyo‘l tumanida takroriy ekin sifatida makkajo‘xorining intensiv navidan gektariga 50-60 tonna silos olinganda uning 1 kilogrammi tannarxi bor-yo‘g‘i 150 so‘mni tashkil etgan. Vaholanki, 1 kg sheluxaning bozordagi narxi 2 ming so‘mdan oshadi. Ya’ni, shrot-sheluxaga nisbatan 10 baravar arzon ozuqani bemalol chorvadorlarning o‘zi etishtirsa bo‘ladi.

Chorva uchun ozuqa navli bug‘doydan gektariga 100 sentnergacha hosil olish mumkin. Biroq, joylarda ozuqa-emga bo‘lgan defitsitni qoplash choralarini ko‘rish o‘rniga ozuqabop ekin erlaridan samarasiz va maqsadsiz foydalanish hollari tanqid qilindi.

– Sirdaryoda 16 ming gektar, Toshkent viloyatida 8,5 ming gektar ekin maydoni g‘alladan keyin bo‘sh turganini qanday izohlash mumkin? – deya savol bilan murojaat qildi Prezident.

Shu yilning o‘tgan 10 oyida xorijdan qariyb 100 million dollarlik zotli va go‘sht uchun qoramol import qilindi. Shuning uchun, qo‘shimcha ozuqa bazasini yaratish maqsadida chorvadorlarga er berish, to‘g‘ri ekin turlarini ekish borasida topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, parrandachilikda ham shunga o‘xshash muammolar mavjud. Misol uchun, ozuqaning 70-75 foizi import hisobiga ta’minlanib, joriy yilning 10 oyida 80 million dollarga 160 ming tonna soya va kungaboqar shroti, 14 million dollarga 80 ming tonna makkajo‘xori import qilindi. Tarmoq korxonalariga bu yil ozuqa uchun 137 ming gektar o‘rniga amalda 5 ming gektar er berilgan, xolos.

Chorvachilik sohasida mamlakatimizda saqlanib kelayotgan dolzarb muammolardan biri – naslchilik.

Qayd etish joizki, mahalliy chorva mollari 20 ming so‘mlik ozuqa-em bilan kuniga 900 gramm tirik vazn olsa (500 gramm go‘sht), zotli mollar 1 kilogramm 600 gramm (900 gramm go‘sht) vazn oladi.

Qoramollarning 94 foizi, qo‘y va echkilarning 84 foizi, parrandaning 58 foizi aholi xonadonlarida boqiladi. Ayni paytda, mavjud qoramollarning bor-yo‘g‘i 34 foizi zotlidir. Ayniqsa, bu ko‘rsatkich Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo viloyatlarida 26 foiz, Xorazmda 28 foiz, Qashqadaryoda 31, Samarqandda 33 foizni tashkil etadi.

Qo‘ychilikda esa faqat qorako‘l qo‘ylarning nasli 30 foizga yaxshilanishiga erishildi, xolos.

Bundan tashqari, mahalliy bir bosh sigirdan sog‘ib olinadigan sut yiliga 2,5 tonnadan oshmayapti. Har biri 2-3 ming dollardan import qilingan naslli sigirlar 35-40 litr sut berishi lozim bo‘lsa-da, chorvadorlarga bunday jonzotlarni parvarish qilish sir-asrorlari o‘rgatilmagani bois mahsuldorlik o‘rtacha 25 litrdan oshmayapti.

Chorvaning to‘g‘ri ratsionini ishlab chiqish, zamonaviy veterinariya xizmati ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassislar yetarli emas. Oqibatda fermerlarimiz chet eldan veterinar va zooinjenerlar jalb qilib, ularga 3-4 ming dollardan oylik to‘lashga majbur bo‘lmoqda.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, texnologiya asosida chorvani so‘yish tizimli yo‘lga qo‘yilmagani terining sifati buzilishiga olib kelyapti, bundan esa charm-poyabzal sanoati ham zarar ko‘rmoqda. Misol uchun, O‘zbekiston bo‘yicha zamonaviy qushxonalar soni 49 taga etadi, jumladan, Andijon viloyatida bitta, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo, Farg‘onada ikkitadan, Xorazmda uchta tashkil etilgan. Mavjudlari ham 30-40 foiz quvvatlarda ishlayapti, chunki aholi qushxonaga borishdan manfaatdor emas.

Chorvachilikning qisqa muddatda yuqori samara beradigan yo‘nalishlari, xususan, parrandachalik, baliqchilik, quyonchilikni rivojlantirishda muammolar talaygina.

Jumladan, bugungi kunda 38 ming gektar sun’iy suv havzalarining atigi 460 gektarida (1 foiz) intensiv baliqchilik tashkil etilgan. Buning asosiy sababi – intensiv usulda yetishtirilgan baliqning tannarxi oddiy usulda etishtirilgandan 2 baravar qimmat. Shuning uchun tadbirkorlar oddiy usul bilan kifoyalanmoqda. Holbuki, bu usulda baliq etishtirish 1 gektariga 2-3 tonnadan oshmasa, intensiv shaklda 100 tonnagacha mahsulot olsa bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari losos, osyotr, forel kabi tansiq baliqlarni intensiv usulda etishtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Ular, ayniqsa tog‘oldi hududlarda zamonaviy texnologiyalar qo‘llagan holda parvarishlansa, hatto eksport ham qilish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Videoselektor yig‘ilishida quyonchilik bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqildi. Ma’lumki, ushbu jonzotning terisi ham, go‘shti ham yuqori bahoga ega.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, naslli quyonni tabiiy usulda bir yilda 4 marta (6-8 ta bola), sanoat usulida esa 7 martagacha (8-10 ta) ko‘paytirish mumkin. Ayni paytda, O‘zbekistonda bugunga kelib 1 ming 250 ta quyonchilik fermasi mavjud bo‘lib, sanoat usulida 500 ming bosh quyon boqiladi, xolos.

Yuqoridagi muammolarni kompleks va tizimli hal etish, chorvachilik tarmoqlarini izchil rivojlantirish uchun Prezident Shavkat Mirziyoyev qator vazifalar qo‘ydi.

Jumladan, Andijon viloyatida amalga oshirilayotgan tajriba asosida yurtimizning aholi zich hududlarida mutlaqo yangi tizim joriy qilinadi. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida ajratiladigan kreditlar asosida sut-go‘sht qayta ishlovchi korxona aholiga kooperatsiya asosida 5 boshgacha naslli qoramol etkazib beradi, uni qanday parvarish qilishga o‘rgatadi. Korxona naslli qoramolning muntazam veterinariya nazoratini, belgilangan ratsion asosida ozuqalanishini hamda undan olinayotgan sutni bozor narxida sotib olinishini ta’minlaydi.

Bu tizimning afzalligi shundaki, aholi qoramolga ega bo‘ladi, sutni bozor narxida sotadi, bu bilan qoramol kreditini to‘laydi hamda tug‘ilgan buzoqlar hisobiga xo‘jalik ko‘payib boraveradi. Quyonchilikda ham ushbu tajribani joriy etish mumkin.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat ko‘mitasi, Xalq banki hamda Mikrokreditbankka viloyat hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda Andijon, Namangan, Samarqand, Farg‘ona, Xorazmda mazkur tizimni yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklandi.

Undan tashqari, Qoraqalpog‘iston tajribasi asosida chorva kooperatsiyalarini tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. Ya’ni, imkoniyatdan kelib chiqib, 30 dan 100 boshgacha qoramoldan iborat oilaviy chorva fermalari tashkil qilinadi. Kooperatsiya ushbu tuzilmalarni ozuqa-em, veterinariya xizmatlari va agrotexnika bilan ta’minlaydi.

Mazkur tajribaning afzalligi shundaki, oilaviy fermalar qaerdan em va texnika olish, mahsulotni kimga o‘tkazish haqida bosh qotirmaydi. Bu ishlar bilan kooperatsiya shug‘ullanadi.

Yuqorida zikr etilgan tashkilotlar va hokimliklarga Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax, Sirdaryo, Navoiy, Buxoro viloyatlarida kamida ikkitadan shunday chorva kooperatsiyalarini tashkil etish topshirig‘i berildi.

Shuningdek, Toshkent viloyati tajribasi asosida g‘allachilik klasterlari tashkil etish orqali 2-5 ming bosh qoramoldan iborat yirik fermalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish lozimligi qayd etildi.

Bunda, kengayish istagini bildirgan va kamida 500 bosh qoramoli mavjud fermerlarga har 1 ming bosh uchun 300-400 gektardan er berish orqali g‘allachilik klasterlari tashkil etiladi.

Ushbu tizim shunisi bilan jozibadorki, yirik klasterlar bug‘doyni qayta ishlash orqali omuxta em ishlab chiqarish hamda g‘alladan bo‘shagan erlarda takroriy ekin sifatida ozuqabop ekinlarni etishtirib, o‘zi silos ishlab chiqarish imkoniga ega bo‘ladi.

Qator idora va tashkilotlarga bir oy ichida har bir talabgorning takliflarini ko‘rib chiqib, amalga oshirish choralarini belgilash vazifasi qo‘yildi.

Bundan tashqari, chorvachilikni ozuqa-em bilan ta’minlashda paxta klasterlari salohiyatidan samarali foydalanish zarur. Chunki bu tuzilmalarda er, kuchli ozuqa, ishchi kuchi, texnika va moliyaviy imkoniyatlar etarli. Shuning uchun barcha paxta klasterlariga 5 ming boshdan kam bo‘lmagan yirik shoxli qoramol komplekslari tashkil etish topshirig‘i berildi.

Ozuqa-em ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun esa Navoiy tajribasini barcha hududlarda keng joriy etish lozimligi bildirildi.

Xususan, Xatirchi tumanida tajriba tariqasida 530 gektar yaylovni suv tejovchi texnologiyalar joriy qilish orqali erlarni o‘zlashtirish loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida yaylovda intensiv sug‘orish orqali 1 gektar erdan yashil massada 80 tonna makkajo‘xori etishtirilgan.

Qoraqalpog‘istonda, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlarida minglab gektar bunday yaylovlar mavjud. Shuning uchun mutasaddilarga mazkur hududlarda kamida 10 ming gektar yaylovlarda ozuqabop ekinlarni etishtirish bo‘yicha “manzilli dastur” amalga oshirish kerakligi ta’kidlandi.

Chorvachilikda nasl yuqori mahsuldorlikning birinchi omilidir. Shu bois har bir hududda sun’iy urug‘lantirish punktlarini tashkil etish, keyingi yil yakunigacha aholi ixtiyoridagi 70 foiz sigirlarni sun’iy urug‘lantirib, 2025 yilga qadar 60 foiz chorva mollarining naslini yaxshilash chora-tadbirlari belgilandi.

Shuningdek, fermerlar va aholiga chorvani yaxshi boqishni o‘rgatish, Samarqand veterinariya instituti va uning Toshkent filiali negizida Chorvadorlar amaliy o‘quv markazini tashkil etib, amaliy va masofaviy seminarlar o‘tishni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda mahsulot tannarxini kamaytirish va soha raqobatbardoshligini ta’minlash masalalari ham muhokama qilindi.

Kelgusi yildan chorvachilik, baliqchilik va parrandachilik tarmoqlarini subsidiya berish orqali qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilmoqda. Dunyo tajribasidan kelib chiqib, subsidiya etishtirilgan tayyor mahsulotlar hajmiga muvofiq ravishda beriladi.

Veterinariya, karantin, standartlashtirish, sanitariya-epidemiologiya xizmatlarining izchil hamkorligini ta’minlash, xalqaro tajriba asosida chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishning to‘liq zanjirini yaratish hamda uni nazorat qilish tartib-taomillarini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ishlab chiqaruvchilarga ichki bozorda munosib sharoit yaratib berish, chorva mahsulotlari narxining barqarorligini ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Andijon, Jizzax, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridagi 90 ta dehqon bozorida parrandachilik korxonalarining bironta savdo shoxobchasi yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi. Baliqchilik korxonalarining Sirdaryo bozorlarida 2 ta, Surxondaryoda 3 ta, Navoiyda 4 ta, Farg‘onada 9 ta savdo nuqtalari bor, xolos.

Yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosini sifatli ta’minlash uchun haftaning har jumasi “CHorvachilik kuni” deb e’lon qilindi. Topshiriqlar ijrosini muvofiqlashtirib borish va chorvadorlarga ko‘maklashishga mas’ul Respublika kengashi tuzildi.

Videoselektorda oziq-ovqat xavfsizligidan tashqari ipakchilik sanoatini rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Pillachilik juda qisqa muddatda – 30-35 kunda eksportbop mahsulot olsa bo‘ladigan tarmoq. Dunyoda 20 dan ortiq pilla etishtiruvchi mamlakat bo‘lsa, O‘zbekiston Xitoy va Hindistondan keyingi o‘rinda turadi. Lekin yurtimizning jahon bozoridagi ulushi – atigi 2,5 foiz.

Oxirgi ikki yildagi sa’y-harakatlar natijasida, xususan, yiliga to‘rt marta ipak qurti boqish hisobiga pilla hosili 19 ming tonnaga etkazildi.

Yig‘ilishda bu tarmoqdagi bozor kon’yunkturasi tahlil qilinar ekan, mamlakatimizda katta imkoniyatlar borligi ta’kidlandi. Bundan samarali foydalanilsa, yaqin yillarda yillik eksport hajmini kamida 500 million dollarga etkazish mumkin.

Ayni paytda, tarmoqda qator muammolar bor. Jumladan, tutzorlarning 6 ming gektari yaroqsiz ahvolda. Yana 37 ming gektarda hosildorlik 30 foizga ham etmaydi. Yuqori ozuqaviy navlar tutzorlar va yakka qator tutlarning bor-yo‘g‘i 5-6 foizini tashkil etadi. Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash o‘z vaqtida sifatli amalga oshirilmayotgani bois ozuqa bazasi yo‘qotilmoqda.

Ipak qurti urug‘ining 80 foizi import qilingan. Yurtimizda super-elita ipak urug‘i yaratadigan yagona muassasa – Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutining moddiy-texnika bazasi eskirgan.

Shulardan kelib chiqib, 2022 yil yakuniga qadar 20 ming gektar yangi tutzorlar barpo etish hamda 10 ming gektar eskirgan tutzorlarni yangilash rejalashtirilgan.

Buning uchun mavjud tutzorlar oilaviy pudrat asosida aholiga 1 gektardan 3 gektargacha bo‘lib beriladi. Pillachilik klasterlari tomonidan tutzorlarni yangilash uchun tut ko‘chatlari va mavsumda ipak qurti urug‘i tarqatiladi. Pilladan olinadigan daromad bilan bir qatorda, tutzorlar orasiga ekiladigan qo‘shimcha ekinlar ham to‘lig‘icha aholi ixtiyorida qoladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi, viloyat hokimlari va tegishli idoralar rahbarlariga tutzorlar tashkil etish uchun er ajratish, eskilarini yangilash, suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Kelgusi yili pilla etishtirish hajmini 21 ming tonnaga, 2025 yilgacha esa 30 ming tonnaga etkazish vazifasi qo‘yildi.

Super-elita va elita urug‘larini to‘liq yurtimizda tayyorlash, buning uchun urug‘chilik stansiyalarini qo‘llab-quvvatlash, tutlarni kimyoviy va biologik usullarda himoyalash, joylarda yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.

Yana bir masala – yurtimizda pilla va ipakni ekpertizadan o‘tkazish va sifatini aniqlash bo‘yicha laboratoriyalar yo‘q. Hozirda buning uchun mahsulot xorijga jo‘natilayotgani bois korxonalar qo‘shimcha xarajat qilyapti. Shu munosabat bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi qoshida zamonaviy laboratoriya tashkil etish zarurligini ta’kidladi.

SHAVKAT MIRZIYOYEV JAHON BOJXONA TASHKILOTI BOSH KOTIBINI QABUL QILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 noyabr kuni Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturining vazirlar darajasidagi konferensiyasida ishtirok etish uchun Toshkent shahrida bo‘lib turgan Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Kunio Mikuriyani qabul qildi.

Uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizning Jahon bojxona tashkiloti bilan konstruktiv hamkorligi tobora mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

O‘zbekiston 1992 yildan buyon ushbu nufuzli xalqaro tuzilma a’zosidir. O‘tgan davrda yurtimiz bojxona organlarining huquqiy bazasini shakllantirish, infratuzilmasini modernizatsiya qilish va samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shma tadbir va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Keyingi yillarda, avvalo, bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish, malakali kadrlarni, jumladan, tashkilotning Bryusseldagi bosh qarorgohi negizida tayyorlash kabi yo‘nalishlarda o‘zaro almashinuvlar sezilarli faollashgani kuzatilmoqda.

Uchrashuvda xalqaro standartlarni joriy etish asosida bojxona organlari salohiyatini oshirish, bojxona maskanlarini zamonaviy kompleks va uskunalar bilan jihozlash, huquqbuzarliklarga qarshi kurashni kuchaytirish, xorijdagi yetakchi markazlarda mutaxassislar tayyorlash borasidagi hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

O‘zaro hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni birgalikda ishlab chiqish va tez fursatda qabul qilishga kelishib olindi.

Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlarning natijadorligini, shuningdek, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik va sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan siyosatni yuksak baholadi.

Kunio Mikuriya mamlakatimiz bojxona organlarini isloh qilishni davom ettirishda va mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishda tashkilot bundan buyon ham ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirdi.

SAYLOV JARAYONINING MUHIM BOSQICHI – SAYLOVOLDI TASHVIQOTI BOSHLANMOQDA

Saylov jarayonining muhim bosqichi – saylovoldi tashviqoti boshlanmoqda

Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi.

Videokonferens-aloqa shaklida o‘tkazilayotgan majlisda Markaziy saylov komissiyasining a’zolari va mas’ul xodimlaridan tashqari, okrug saylov komissiyalari rahbarlari, tegishli vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, barcha viloyatlar hokimliklari, jamoat tashkilotlari, jumladan, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda dastlab O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslanbek Davletovning vazirlik tomonidan Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti tinglandi.

R.Davletovning ma’lumot berishicha, vazirlik tomonidan shu vaqtga qadar 6 mingdan ortiq targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi. Vazirlik tizimida “Adliya chorlovi” mavzuidagi loyiha tashkil etildi. Bunda ko‘chalar, aholi gavjum joylar va OAV orqali saylovga chorlovchi ijtimoiy reklamalar, bannerlar va bilbordlar o‘rnatiladi. Ayni paytda vazirlikning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va “Huquqiy axborot” telegram kanali orqali “Saylov alifbosi” rukni tashkil etilib, saylovga oid tushunchalar izohi sodda, lo‘nda va tushunarli tarzda muntazam berib borilmoqda.

Majlisda Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish hamda Markaziy saylov komissiyaning shu yil 11 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarning ijrosiga doir masalalar ko‘rib chiqildi.

Qonunchilik palatasi deputatligiga 2019 yil 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda ishtirok etishga ijozat berilgan jami beshta siyosiy partiya qonunda belgilangan muddatlarda o‘zining qurultoy va syezdlarini o‘tkazdi. Mazkur tadbirlarda partiyalar tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatildi.

Shundan so‘ng siyosiy partiyalarning rahbarlari deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olishni so‘rab, Markaziy saylov komissiyasiga murojaat qildi. Markaziy saylov komissiyasi ekspertlari tomonidan deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun taqdim etilgan hujjatlarning qonunchilikka muvofiqligi Saylov kodeksida belgilangan muddatlarda sinchiklab tekshirib chiqildi.

Ta’kidlandiki, siyosiy partiyalar tomonidan Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ko‘rsatish bo‘yicha barcha tadbirlar qonunchilik talablariga qat’iy muvofiq holda, oshkoralik va ochiqlik muhitida amalga oshirilgan.

Markaziy saylov komissiyasi tekshirish yakunlariga ko‘ra va O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksining 14-moddasiga muvofiq, saylovda ishtirok etuvchi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan ko‘rsatilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Ro‘yxatga olingan 750 nomzodning barchasi oliy ma’lumotli. Shulardan 310 nafari yoki 41,3 foizi xotin-qizlardan iborat. Bu 2014 yilning dekabrida o‘tgan saylovlardagidan qariyb 10 foiz (31,8) ko‘pdir. Nomzodlar orasida huquqshunoslar 6,9, iqtisodchilar 19,1, shifokorlar 12,4 fozini tashkil qiladi. Deputatlik mandati uchun 22 fan doktori va 52 fan nomzodi kurash olib boradi. Nomzodlar orasida navqiron avlod vakillari sezilarli darajada ko‘paygan 25-40 yoshlar orasidagilar 32,2 foizni tashkil qiladi.

Ro‘yxatga olingan deputatlikka nomzodlarning ro‘yxati matbuotda e’lon qilinadi.

Majlisda deputatlikka nomzodlar ro‘yxatga olinishi bilan saylov jarayonining muhim bosqichi – saylovoldi tashviqoti boshlanishi ta’kidlandi. Bu jarayon saylov qonunchiligi talablari asosida amalga oshiriladi.

Mamlakatimiz saylov qonunchiligiga binoan saylovoldi tashviqotini olib borish uchun barcha shart-sharoitlar ta’minlangan. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalarga, deputatlikka nomzodlarga Saylov kodeksi va

Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov bo‘yicha saylov kampaniyasi davrida saylovoldi tashviqotini amalga oshirishda deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalarning ommaviy axborot vositalaridan foydalanishiga oid hujjatlari asosida ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng va keng imkoniyatlar yaratiladi.

Siyosiy partiyalarga, deputatlikka nomzodlarga saylovoldi tashviqoti davrida ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng shart-sharoitlar yaratish, siyosiy partiyalarning o‘zining kelgusi faoliyat dasturi bilan chiqish huquqini ta’minlash maqsadida, ularning ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlari qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda belgilab qo‘yildi.

FARMATSEVTIKA TARMOG‘INI RIVOJLANTIRISHGA OID USTUVOR VAZIFALAR BELGILANDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 noyabr kuni farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish, aholini dori vositalari bilan ta’minlash borasidagi ishlar tahlili va galdagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 7 noyabrdagi “Farmatsevtika tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashkil etilgan edi. Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ro‘yxatdan o‘tkazish muddati qisqartirildi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar xomashyo va texnologik uskunalarni import qilishda bojxona to‘lovlaridan ozod etildi. 

Buning samarasida so‘nggi ikki yilda 41 ta yangi farmatsevtika korxonasi tashkil etilib, shunday korxonalar soni 191 taga etdi. Joriy yilda ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilgiga nisbatan 1,5 barobar o‘sdi. Farmatsevtikaga ixtisoslashgan 8 ta erkin iqtisodiy zonada qiymati 84 million dollarlik 18 ta yangi quvvat ishga tushirilib, 600 turdagi dorilar va 50 dan ortiq tibbiy buyumlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 

Lekin bu quvvatlar hali yetarli emas, mahalliy farmatsevtika mahsulotlarining assortimenti ham tor. Shu bois ichki bozor ehtiyojlari to‘liq qondirilmayapti va import qilishga to‘g‘ri kelyapti. 

Mamlakatimiz farmatsevtika bozori 1 milliard dollardan ziyod bo‘lib, unda mahalliy ishlab chiqaruvchilar hissasi yuqori emas. Dori vositalari harakatining to‘liq siklini kuzatish – markirovka tizimi joriy etilmagani oqibatida ularning sifati va narxini nazorat qilish qiyin kechmoqda. Masalan, o‘tgan ikki yilda yurtimizga sifat standartiga javob bermaydigan 123 milliard so‘mlik dori-darmonlarni olib kirish holatlari aniqlangan. Bunday sharoitda aholi salomatligini muhofaza qilishning eng ishonchli va samarali yo‘li – diyorimizda etishtirilgan tabiiy toza, dorivor o‘simliklar asosida yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish. 

Yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev ana shu jihatlarga alohida e’tibor qaratib, aholi va sog‘liqni saqlash muassasalarini arzon hamda sifatli dori vositalari, tibbiyot buyumlari va texnikalari bilan ta’minlash borasidagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi. 

2025 yilgacha ichki bozorda dori vositalari iste’mol hajmining kamida 50 foizini mahalliylashtirish, jumladan, o‘zlashtirilgan dori turlarini hozirgi 2,5 mingdan 4 mingtaga etkazish uchun imkoniyatlar etarli ekani ta’kidlandi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga yangi turdagi mahsulotlar ro‘yxatini shakllantirib, Hindiston, Rossiya, Ukraina, Xitoy, Vengriya, Bolgariya va Slovakiyaning yirik farmatsevtika korxonalari bilan hamkorlikda istiqbolli loyihalar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Mutasaddilarga yaqin besh yilda mahalliy asl dori vositalari sonini kamida 100 taga yetkazish hamda sanoat usulida ishlab chiqarish, shu maqsadda korxonalar va ilmiy-tekshirish institutlari hamkorligida Qibray tumanida zamonaviy texnopark, shuningdek, Buyuk Britaniyaning nufuzli oliy ta’lim dargohi filialini tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Zamon talabiga mos kadrlar tayyorlash, soha mutaxassislarining xorijda malaka oshirishini tashkil etish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Moliya vazirligi hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga dorilarni maxsus markirovkalash va harakatini nazorat qilish bo‘yicha dasturiy ta’minot yaratib, 2020 yil yakuniga qadar amaliyotga joriy etish topshirildi. Bu kontrafakt dori vositalari aylanishiga chek qo‘yish va dorilarga bo‘lgan real talabni “onlayn” ravishda kuzatib borish imkonini beradi.

Mamlakatimizdagi tarmoq korxonalarida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya etgan GMP standarti joriy qilinmoqda. Aholini sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash maqsadida import qilinayotgan xorijiy dori vositalarini ro‘yxatga olishda ham mazkur standartga muvofiqligini majburiy tekshirish tartibini o‘rnatish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Yig‘ilishda yana bir muhim masala – sog‘liqni saqlash muassasalarini arzon va sifatli dori-darmonlar bilan to‘liq ta’minlash holati ko‘rib chiqildi. Bu borada shaffoflik va oshkoralikni ta’minlash maqsadida endilikda davlat tibbiyot muassasalari uchun dorilar xaridi, ularni saqlash va yetkazib berish yangi tartibda amalga oshirilishi belgilandi. Ya’ni, Sog‘liqni saqlash vazirligi markazlashgan xaridlar bo‘yicha tenderlar tashkil etadi va xaridlar shaffofligini ta’minlaydi. Tender g‘oliblari dori vositalarini markazlashgan xarid qilish, saqlash va davlat tibbiyot muassasalariga yetkazib berish xizmatlarini amalga oshiradi.

Dori vositalari bozorida korrupsiyani bartaraf etish, sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, ijtimoiy dorixonalarni sifatli va arzon mahsulotlar bilan uzluksiz ta’minlash yuzasidan topshiriqlar berildi.

Sohada olib borilayotgan islohotlar ahamiyatini ommaviy axborot vositalari orqali tushuntirish, aholiga yetkazish muhimligi ta’kidlandi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha besh yillik konsepsiya ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

O‘ZBEKISTON VA QIRG‘IZISTON PREZIDENTLARI TELEFON ORQALI MULOQOT QILDILAR

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 noyabr kuni Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Sooronbay Jeenbekovni tug‘ilgan kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va muvaffaqiyat tiladi.

Qirg‘iziston Prezidenti mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasi katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston-Qirg‘iziston amaliy hamkorligini yanada kengaytirishning dolzarb jihatlarini muhokama qildilar, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

USHBU HAFTA “AXBOROT VA MURABBIYLIK SOATI” MASHG‘ULOTLARINI MAVZUSIDA O‘TKAZISH UCHUN TAYYORLANGAN YORDAMCHI MATERIALLAR

Qo‘qon davlat pedagogika instituti

Mavzu: Mening mahallam – mening faхrim.

Vatan – har bir inson uchun muqaddas zamin, jon berishga, qon to‘kishga arziydigan, bahosi tengsiz makon. Vatanga qancha ta’rif bersak ham, har bir inson qalbida yana Vatan nima degan savol takrorlanaveradi. Xo‘sh, savol Vatan nima o‘zi? O‘zbekiston bizning Vatanimiz bo‘lsa nega viloyatimizda bo‘lmasak, shahrimizdan uzoqda, qishlog‘imizdan yiroqda bo‘lsak, hattoki, mahallamizda bo‘lmasak, yuragimizning bir chekkasi huvullab qoladi? Uyimizdan yiroqda bo‘lsak, yuragimiz unga talpinaveradi, shart-sharoit qanchalik yaxshi bo‘lmasin, sog‘inch hissi bizni qiynayveradi? Bunga javob, Vatanning ham o‘z navbatida ma’lum bo‘g‘inlarga bo‘linganligi. Ana shu bo‘g‘inlardan biri – mahalla. Bu so‘zni eshitganimizda, ongimizda, shuurimizda o‘zining doimiy a’zolariga ega, kichik bir jamiyat gavdalanadi. Yа’ni har bir inson o‘zi istiqomat qilib turgan yurtning fuqarosi, o‘zi yashab turgan mahallani teng huquqli a’zosidir.

Mahalla qanday joy, qanday paydo bo‘lgan? Tarixiy manbalarda qayd etilishicha Jez davrining yodgorligi bo‘lgan. Sopollitepada sakkizta oila yashagan Keyinchalik, ularning safiga patriarxal tizim asosida yuzdan ortiq oilalar kelib qo‘shilgan. Miloddan avvalgi uchinchi asrdan milodiy beshinchi asrningboshlarigacha Farg‘ona davlatida oqsoqollar kengashi muhim vazifalarni bajargan. Kengash asosan sulh tuzish vazirlar tarkibi va soliqlarni tayinlash, urush e’lon qilish, jamoa ishlariga safarbar etish kabi masalalar bilan shug‘ullangan. Demak, oldingi davrdagilar bilan deyarli farqi yo‘q. Mahalla atamasi arabcha bo‘lib “o‘rin-joy”degan ma’noni anglatgan. U turli joylarda turlicha aytiladi. Masalan, mahalla, guzar, jamoa, elat, avlod nomlari bilan atalib kelingan. Adabiyotlarda mahallalarning ko‘p ming yillik tarixga ega ekanligi haqida ma’lumotlar uchraydi. Alisher Navoiy o‘zining “Hayrat ul-abror” asarida mahallani “Mahalla shahar ichidagi shaharcha” dir, deb ta’riflaydi. Hirot shahri yuz shaharcha ahamiyatga ega bo‘lgan mahallalardan tashkil topganligini aytib o‘tadi. Mahallalar ayniqsa, Amir Temur davrida ravnaq topgan. Amir Temur davrida u hamma uchun birdek qonuniy hisoblangan. Mahalla biz tug‘ilib o‘sgan joy hisoblanadi. U yerni o‘ylaganimizdek birinchi bo‘lib tanigan, o‘ynagan joylarimizni, bolalar bilan tortishib urishgan paytlarimizni eslasak, albatta, yodga tushadi. Har kim o‘zi tug‘ilgan joyga talpinadi. Har bir inson o‘zining mahallasini qumsaydi. Nega unday? Bu savollarga har kim o‘z fikrini berishi kerak. Bizning fikrimizcha inson o‘z kindik qoni to‘kilgan joyga bo‘lgan mehr o‘zgacha bo‘lsa kerak. Mahalla Vatan ichra Vatan. Oila ko‘z ochib ko‘rgan dargoh bo‘lsa, mahalla vatan ichra Vatandir. Har bir mahalla oilalardan tashkil topadi. Oilada esa farzandlar kamol topadi. Mahalla shunday muqaddas dargohki, u joyda yashaydigan odamlar bir-biriga qadrdon bo‘lib qoladi. Opa-singil, aka-ukalardek ya’ni o‘z yaqinlaridek bir-biriga mehribonlik qilishadi. Mahallada mehr-oqibat kuchli bo‘ladi. Zero, xalqimizda bir maqol borki “Uzoqdagi qarindoshingdan yoningdagi qo‘shning yaxshi”. Bu maqol o‘z isbotini topib ulgurgan. Mahalladagi insonlar bir-birini yaxshi kunida ham, yomon kunida ham, quvonch-u shodligida, qayg‘uli damlarida doimo suyanch bo‘ladi. Farzandlar tarbiyasida ahli mas’ul, yutuqlar ham, kamchiliklar ham mahalla ahliga barobar bo‘lib turadi.Mahallamizda istiqomat qiladigan buvijonlarimiz, buvajonlarimiz doimo biz uchun qayg‘uradilar, ular bizning duogo‘ylarimiz, doimo bizga omad sog‘lik-salomatlik tilaydilar. Bularning bari shunchaki emas,biz garchi ular bilan birga yashamasakda ular uchun biz go‘yo farzandidek azizmiz. Shunday ekan biz ham ularga befarq bo‘lmasligimiz kerak. Har kuni shu mahalladan yurib o‘tamiz. Kimdir maktabga, kimdir ishga. Ba’zi vaqtlarda hashar yumushlari, obodonlashtirish ishlariga chaqirilganda hech ikkilanmasdan qatnashish darkor, axir, mahallamiz biz uchun begona emas, u ham o‘z uyimizdek, o‘z Vatanimizdek biz uchun muqaddas.Mahalla inson hayotida muhim ahamiyatga ega. Har bir narsaning yaxshisi bo‘lganidek, yomon tarafi ham bo‘ladi, albatta. Mahallaning obro‘yini tushiradigan odamlar ham topiladi. Hamma narsani yaxshi desak, yaxshi bo‘lib qolmaydi. U insonlar mahallaga yomonlik tilamaydi, lekin o‘zining xulq-atvori bilan odamlar ko‘ziga yomon bo‘lib ko‘rinadi. Asrlar mobaynida mahallalarda ko‘pdan-ko‘p muammolar hal etilgan, o‘z yechimini topgan. Bundan keyin ham shunday.

Mahalla hayot maktabi deganda, o‘sha joyda yashab, ya’ni birinchi maktab deb o‘ylayman. Chunki, u joy ham qadrdon ham muqaddas bo‘lib, dastlabki, boshimizga quvonch va qayg‘ularni, barcha qiyinchiliklarni ko‘rib, xulosa chiqarishimizga yordam beradi. Mahallaning yoshi kattalari sizga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi. Agar adashgan bo‘lsangiz, to‘g‘ri yo‘lga tushguningizcha yoningizda hamroh bo‘ladi. “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona”, - degani bejiz emas. Shuning uchun ham hozirgi kunda mahallalar aholi bilan ishlaydigan g‘oyat muhim organga aylangan. Mahallalarda yashovchi oilalardan xabar olish, bir-biriga hurmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.

Bugungi hayotimizni mahallasiz tasavvur qilolmaymiz. Yaxshi kunimiz ham, yomon kunimiz ham mahalla bilan. Mahalla, ya’ni o‘zini o‘zi boshqarish instituti faoliyati davlatimiz e’tiborida. Uning rivojlanishi uchun bugungi kunda barcha huquqiy asoslar yaratilgan.Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonuniga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga oid ilgari surgan tashabbusi asosida yangi tahrirda qabul qilingan mazkur Qonun fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish, ularning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan ijtimoiy hamkorligini kuchaytirish, o‘zini o‘zi boshqarish organlarining joylarda ijtimoiy dasturlarni bajarishdagi hamda davlat va jamiyat qurilishiga oid muhim ahamiyatga ega qarorlarni qabul qilishdagi faol ishtirokini kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi.

Bugungi kunda mamlakatimizdagi qariyb 10 mingta o‘zini o‘zi boshqarish instituti – mahallalar faoliyatining taraqqiyot yo‘li va uning mustahkam huquqiy asoslarini kuzatar ekanmiz, respublikamizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar – kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari tamoyilining bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lamiz.

Xususan, mustaqillikning dastlabki yillarida mahallaga ikki vazifani amalga oshirish bo‘yicha huquqiy vakolat berilgan bo‘lsa, bugungi kunda 30 dan ortiq vazifa davlat hokimiyatining mahalliy organlaridan ular vakolatiga o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish instituti– mahalla faoliyatining tashkiliy asoslarini yanada takomillashtirish, uning vazifalari ko‘lamini kengaytirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan o‘zaro yaqin munosabatlarini ta’minlash alohida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining takomillashtirilishi, vakolatlari doirasining kengaytirilishi va ular zimmasiga ko‘plab vazifalarning yuklatilishi ushbu soha vakillarining salohiyatini yanada oshirishni talab etadi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, bu borada qator tashkiliy-huquqiy masalalar yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 10 oktyabrdagi  “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarorining qabul qilinishi fuqarolar yig‘inlari xodimlarining kasbiy va boshqaruv malakalarini yanada oshirish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga tizimli metodik yordamni tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur Qarorning ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi 2013 yil 14 dekabrda “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirishning tashkiliy tuzilmasi va tizimi to‘g‘risida”gi Nizomni tasdiqladi.Ushbu Nizom fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari huquqiy asoslarini, umumiy va maxsus talablarini, asosiy yo‘nalishlarini, shuningdek, ularning o‘qishini nazorat qilish va sifatini baholash mexanizmlarini belgilaydi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish boshqaruv bilimlarining, mahorat va ko‘nikmalarining davriy ravishda yangilab borilishini nazarda tutadi.

Mazkur Nizomda malaka oshirishning bir qator yo‘nalishlari belgilandi.

Jumladan, aholining ijtimoiy faolligini oshirish; ijtimoiy sheriklik mexanizmlarini shakllantirish; demokratik qadriyatlarni keng targ‘ib qilish; jamoat tartibini va xavfsizlikni ta’minlash; yoshlarni kasbga yo‘naltirish va voyaga etmaganlar bilan ishlash; aholini manzilli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash; tadbirkorlikni, shu jumladan, oilaviy biznesni rivojlantirish; jamoat nazoratini tashkil etish; tabiatni muhofaza qilishda, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishda qatnashish hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining qonunchilikda belgilangan boshqa sohalari ana shular sirasiga kiradi.

 Mamlakatimizda o‘tgan yillar mobaynida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish tizimini yanada takomillashtirish va uning ijtimoiy ahamiyatli ishlarni amalga oshirishdagi, oila, ayniqsa unda kamol topayotgan yosh avlodning ma’naviy-axloqiy jihatlarini tarbiyalashdagi o‘rnini ko‘tarish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Hattoki, o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish masalasi davlat dasturlari doirasida amalga oshiriladigan vazifa sifatida baholanib, alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Xususan, “Xalq bilan muloqat va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida ham mahalla institutini va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirish, ularning huquqlari va vakolatlarini kengaytirish, joylarda iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishda ularning roli va ahamiyatini oshirish masalasi ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.

Sрuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4944-sonli Farmoni qabul qilindi.

Ushbu Farmonda o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirish, mahalla institutini aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylantirish, fuqarolar yig‘inlarining mushtarak manfaatlarini ifoda etadigan uyushmaga birlashish huquqlarini ro‘yobga chiqarish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirish asoslari belgilab berildi.

Mahalla o‘zini o‘zi boshqaruvi amaliyoti hamda fuqarolik jamiyatini qurish tamoyillaridan kelib chiqib, davlat hokimiyati vazifalari fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga bosqichma-bosqich o‘tkazib kelinmoqda. Bu amaliyot hayot tajribasida o‘zini to‘la oqlamoqda.

Endilikda davlat vazifalarini, vakolatlarini hokimiyatni kuchaytirish hisobiga emas, balki demokratik omillarni kengaytirish va keng xalq ommasini boshqarishga jalb etish yo‘li bilan amalga oshirish yo‘lida faol ish olib borilmoqda.

Xulosa o‘rnida shuni aytamizki, mahalla – muqaddas maskan. U joy bizni tarbiyalaydi, voyaga yetkazadi. Biz mahallamiz bilan faxrlanamiz!